Qatar poytaxti Doha shahrida besh kun davomida boʻlib oʻtgan rapid va blits yoʻnalishlaridagi FIDE Jahon chempionati yakuniga etdi. Dunyoning 70 davlatidan saralangan kuchli shaxmatchilar qatorida Oʻzbekiston terma jamoasining 15 nafar vakili ham oʻz mahoratini namoyish etdi. Musobaqa yakunlariga koʻra, shaxmatchilarimiz sezilarli miqdordagi pul mukofotlariga ega boʻlishdi.
Terma jamoamiz etakchisi Nodirbek Abdusattorov eng yuqori natija qayd etdi. Blits yoʻnalishida vitse-chempionlikni qoʻlga kiritgan Nodirbek 50 000 evro, rapiddagi 23-oʻrni uchun esa 3000 evro, jami 53 000 evro mukofot puliga ega boʻldi. Taqqoslash uchun, har ikki yoʻnalishda chempion boʻlgan Magnus Karlsen jami 140 000 evro ishlab oldi.
Ayollar oʻrtasida yangi sahifa ochgan Umida Omonova blits bahslarida kuchli sakkiztalikdan joy olib, 15 000 evro mukofot pulini qoʻlga kiritdi. Yana bir iqtidorli shaxmatchimiz Javohir Sindarov esa umumiy hisobda 21 000 evro ishlab oldi: uning rapiddagi muvaffaqiyati 16 000 evro, blitsdagi natijasi esa 5000 evro bilan taqdirlandi.
Musobaqa reglamentiga koʻra, erkaklar oʻrtasida Top-35 talikka kirganlarga eng kami 1500 evro, ayollarda esa 1000 evrodan mukofot pullari ajratilgan edi. Qolgan vakillarimiz kuchlilar qatoridan joy ololmaganlari sababli mukofot pullarisiz qaytishdi. Bu natijalar oʻzbek shaxmat maktabining dunyoda oʻz oʻrniga ega ekanligini yana bir bor isbotladi.
