Germaniyada oʻtkazilgan shaxmat boʻyicha Freestyle jahon chempionati yakuniga etdi.
Finalda norvegiyalik Magnus Karlsen AQSh vakili Fabiano Karuanadan 2,5-1,5 hisobida ustun kelib, faoliyatida 21-bor jahon chempionligini qoʻlga kiritdi.
Musobaqada ikki nafar oʻzbekistonlik grossmeyster ham ishtirok etdi. Nodirbek Abdusattorov 3-oʻrin uchun kechgan bahsda mezbonlar vakili Vinsent Keymerni 2,5-1,5 hisobida magʻlub etib, 40 ming dollar mukofotga ega chiqdi. Shuningdek, 21 yoshli shaxmatchi 2027 yilgi Freestyle jahon chempionati yoʻllanmasiga ham sazovor boʻldi.

Maʼlumot uchun, Abdusattorov yarimfinalda boʻlajak chempion Magnus Karlsenga imkoniyatni boy bergandi — 1:3.
Yana bir oʻzbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindarov esa Levan Aroyanga (AQSh) yutqazib, 8-oʻrin va 10 ming dollar pul mukofoti bilan cheklandi.
