Joriy yil futbolchilarimiz uchun masʼuliyatli yil boʻladi

Chop etish
21:20 / 04.01.2026
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda futbolga qaratilayotgan eʼtibor va olib borilayotgan tizimli ishlar samarasini charm toʻp ustalarimiz qoʻlga kiritayotgan ulkan natijalarda koʻrmoqdamiz.
Xususan, oʻtgan 2025 yil Oʻzbekiston futboli uchun tarixiy va unutilmas mavsum sifatida yodda qoldi.
Milliy terma jamoalar, yoshlar va oʻsmirlar jamoalari, shuningdek, klublarimiz xalqaro va mintaqaviy maydonlarda yuqori natijalar qayd etib, mamlakat futbolining izchil rivojlanish yoʻlida ekanini amalda namoyon qildi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi FIFA Jahon chempionatiga ilk bor yoʻl olgani eng quvonarli voqelik boʻldi. Mazkur natija nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro futbol jamoatchiligi tomonidan ham katta eʼtirof etildi
Shuningdek, termamiz Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi tashabbusi bilan oʻtkazilgan CAFA Millatlar kubogi va Birlashgan Arab Amirliklarida futbol boʻyicha “Al-Ayn xalqaro kubogi” finallarida azaliy raqibimiz Eronga qarshi maydonga tushib, ikki bor zafar quchgan holda bosh sovrinni qoʻlga kiritdi.

Oʻsmirlar va yoshlar terma jamoalari ham yil davomida yuqori natijalar qayd etdi. Xususan, 17 yoshgacha boʻlgan futbolchilarimiz Osiyo chempionatida zafar quchib, Qatarda oʻtgan jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Islom Ismoilov boshchiligidagi Oʻzbekiston U17 terma jamoasi Dohadagi mundialda munosib ishtirok etgani mamlakatimiz futbol zaxiralari qanchalik salohiyatli ekanini amalda namoyon etdi.
Terma jamoalar oʻyini yaxshilanishida milliy chempionatlarimizning ham oʻrni beqiyos. 2025 yil ichki chempionat va kubok bahslari yuqori saviyada tashkil etildi. Superliga va Oʻzbekiston kubogidagi natijalar klublarimiz futbolida ham tizimli islohotlar va professional yondashuv samara berayotganini koʻrsatdi.

Xususan, oradan 24 yil oʻtib “Neftchi” klubi mamlakat chempioniga aylangan boʻlsa, “Buxoro” klubi oʻz tarixida ilk marotaba kubokda vitse-chempion, deya eʼtirof etildi.
Shuningdek, “AFC Special Elite Youth Football Awards – 2025” taqdirlash marosimida Oʻzbekiston Professional futbol ligasi tomonidan tashkil etib kelinayotgan U19 chempionati Osiyoda tengsiz deb topildi va Yilning eng yaxshi yoshlar ligasi deb eʼtirof etildi.
Darvoqe, Abduqodir Husanov, Eldor Shomurodov, Abbosbek Fayzullaev, Jaloliddin Masharipov, Rustam Ashurmatov, Otabek Shukurov kabi bir qator futbolchilarimiz xorijda oʻzlarining yorqin oʻyinlarini namoyish etayotgani quvonarli.
Umuman olganda, 2025 yil Oʻzbekiston futboli yangi bosqichga koʻtarilgan davr sifatida tarixga kirdi.

Joriy yil ham futbolchilarimizni turli darajadagi musobaqalar kutmoqda. Xoʻsh, 2026 yil milliy terma jamoa va klublarimiz qanday musobaqalarda qatnashadi?
Dastlab, 6-24 yanvarь kunlari Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtadigan U23 yosh toifasidagi Osiyo kubogida Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi oʻyinlariga guvoh boʻlamiz.
Shu kunlar oraligʻida, aniqrogʻi, 15 yanvarь kuni OFK Ayollar chempionlar ligasining chorak finaliga qurʼa tashlanadi. Ushbu musobaqaning guruh bahslaridan munosib oʻtgan Qarshining “Sevinch” jamoasi raqibi aniqlanadi va 1/4 final uchrashuvi 22-23 mart kunlari boʻlib oʻtadi.
27 yanvarь kuni Indoneziyada futzal boʻyicha Osiyo chempionati boshlanib, 7 fevralgacha davom etadi. Turnirda Oʻzbekiston futzal milliy terma jamoasi “C” guruhida 28 yanvarь kuni Tojikiston, 30 yanvarь sanasida Avstraliya va 1 fevralda Yaponiya terma jamoalari bilan kuch sinashadi.

Shuningdek, 7-24 may kunlari Saudiya Arabistonida oʻtkaziladigan 17 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo kubogiga 12 fevralь kuni qurʼa tashlanadi va Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi ishtirok etadigan guruh va raqiblar nomi aniq boʻladi.
Futbol boʻyicha Ayollar Osiyo chempionati 1-21 mart kunlari Avstraliyada tashkil etiladi. Unda Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi quyidagi raqiblar bilan kuch sinashadi:
3 mart. KXDR – Oʻzbekiston
6 mart. Oʻzbekiston – Xitoy
9 mart. Bangladesh – Oʻzbekiston
Oʻzbekiston U20 terma jamoasi esa 1-18 aprelь kunlari Tailandda oʻtkaziladigan Osiyo kubogida qatnashadi.

Joriy yilgi mavsumning eng muhim musobaqalaridan biri – futbol boʻyicha Jahon chempionati AQSh, Kanada va Meksika davlatlarida 11 iyunь kuni start oladi va 19 iyulga qadar davom etadi.
Biz uchun ahamiyatli boʻlgan ushbu Jahon chempionatida Fabio Kannavaro boshchiligidagi Oʻzbekiston milliy terma jamoasi “K” guruhidan joy olgan.
Dunyo birinchiligida Oʻzbekiston terma jamoasining guruhdagi ilk oʻyini 18 iyunь soat 07:00 da Kolumbiya termasiga qarshi oʻtsa, 23 iyunь soat 22:00da Portugaliya va 28 iyunь sanasida soat 04:30 saralash gʻolibining biri bilan raqobatlashadi.
Umid qilamizki, futbolchilarimiz mundialda barchamiz kutgan tarixiy gʻalabalarga ega chiqadi.

Mundialdan soʻng Superliga gʻolibi “Neftchi” Elit Osiyo chempionlar ligasida, Oʻzbekiston kubogi gʻolibi “Paxtakor” esa OChL-2 turnirida qatnashadi. Ushbu musobaqalar sentyabrь oyining ikkinchi yarmida boshlanadi. Shuningdek, milliy chempionatimiz va kubok musobaqalariga ham guvoh boʻlamiz.
Ha, 2026 yilgi futbol mavsumi juda masʼuliyatli va bu qizgʻin oʻtadigan musobaqalarda terma jamoa va klublarimizga omad tilab qolamiz.
MANBA:
