9 yanvarь kuni Checheniston poytaxti Grozniy shahrida navbatdagi yirik MMA oqshomi — ACA 189 turniri boʻlib oʻtadi. Mazkur musobaqa oʻzbekistonlik yakkakurash ixlosmandlari uchun alohida ahamiyatga ega, chunki turnirning prelim (saralash) kardida hamyurtimiz Xolmurod Nurmatov ishtirok etadi.

Hozirda Absolute Championship Akhmat ligasining oʻta engil vazn toifasi reytingida 13-oʻrinni egallab turgan Nurmatovga rossiyalik Ramzan Suleymanov raqiblik qiladi. Suleymanov ancha jiddiy raqib hisoblanib, uning rekordi 7 gʻalaba va atigi 1 magʻlubiyatdan iborat. Bu bahs Xolmurod uchun reytingdagi oʻrnini mustahkamlash va avvalgi muvaffaqiyatsizlik oʻrnini toʻldirish uchun yaxshi imkoniyatdir.

Eslatib oʻtamiz, Nurmatov oʻzining oxirgi jangini BAAning Dubay shahrida oʻtkazilgan ACA 184 turnirida rossiyalik Umalat Israilovga qarshi olib borgan edi. Oʻsha toʻqnashuvda hamyurtimiz ochkolar hisobiga koʻra imkoniyatni boy bergandi. Boʻlajak Grozniydagi jang Xolmurodning professional faoliyatidagi muhim qadam boʻlib, u yana gʻalabalar yoʻliga qaytishni maqsad qilgan. Barcha muxlislar 9 yanvarь kuni vakilimizga zafar yor boʻlishini kutib qolishadi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *