FIFA 2026 yilgi Jahon chempionati ishtirokchilari uchun rekord darajadagi 727 mln dollarlik sovrin jamgʻarmasini tasdiqladi. Bu Qatar-2022 musobaqasiga nisbatan 50 foizga koʻproq demakdir.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi oʻz tarixida ilk bor Jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritgani bois, ushbu mablagʻlardan oʻz ulushini oladi. Har bir ishtirokchi jamoaga turnirga tayyorgarlik uchun 1,5 mln dollar beriladi. Bundan tashqari, guruh bosqichida qatnashish uchun 9 mln dollar kafolatlangan. Shu tariqa, vakillarimiz musobaqada biror ochko toʻplamasa ham, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi hisobiga kamida 10,5 mln dollar tushadi.
Natijaga qarab toʻlovlar miqdori ortib boradi:
- 1/16 final: 11 mln dollar;
- 1/8 final: 15 mln dollar;
- Chorak final: 19 mln dollar;
- Chempion: 50 mln dollar.
Eslatib oʻtamiz, JCh-2026 AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston «K» guruhida Portugaliya va Kolumbiya kabi grandlar bilan kuch sinashadi.
