Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi yakuniga etayotgan 2025 yilgi mavsum davomida hududiy boʻlimlar tomonidan amalga oshirilgan ishlarni atroflicha tahlil qildi. Yil davomida respublika boʻyicha jami 307 nafar sportchi turli yosh toifasidagi terma jamoalarning asosiy va zaxira tarkiblariga tayyorlab berilgani sohadagi tizimli islohotlar samarasini koʻrsatmoqda.

Hududlar kesimida Xorazm viloyati eng yuqori koʻrsatkich (62 nafar sportchi) bilan peshqadamlik qilmoqda. Shuningdek, Buxoro (39), Qashqadaryo (38) va Toshkent shahri (32) ham kuchli natijalarni qayd etdi. Samarqand, Surxondaryo va Navoiy viloyatlarida ham ijobiy oʻsish kuzatilgan boʻlsa, Sirdaryo viloyatida bu yil sezilarli yuksalish qayd etildi. Prezident qarori asosida tashkil etilgan Urganch va Denov dzyudo mahorat maktablari tarbiyalanuvchilari qisqa muddatda xalqaro maydonlarda sovrindor boʻlishga ulgurdi.

Joriy yilda ilk bor tashkil etilgan “Uzbekistan Judo Tour” va “Judo Kids” musobaqalari dzyudo ommaviyligini oshirishda muhim omil boʻldi. Xorijiy murabbiylarning hududlarga jalb etilishi esa mashgʻulotlar sifatini yangi bosqichga olib chiqdi. 2026 yilda Xorazm va Buxoro viloyatlarining muvaffaqiyatli tajribasi boshqa hududlarga ham tatbiq etilishi rejalashtirilgan. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad — mamlakatning barcha nuqtalarida dzyudo maktablarini birdek rivojlantirish va yangi chempionlarni etishtirib chiqarishdir.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *