Endi Kerroll bilan bogʻliq mashmashalar avj olmoqda. 36 yoshli futbolchi 2025 yilning aprelida Stansted aeroportida qoʻlga olingan edi. Unga nisbatan sud taqiqini buzish va taʼqib qilish ayblovi qoʻyilgan. Esseks politsiyasining maʼlum qilishicha, Kerroll 30 dekabrь kuni Chelmsford sudida javob beradi.
Bunday taqiqlar odatda ajrashishdan keyin sobiq turmush oʻrtoqni himoya qilish uchun qoʻllaniladi. Kerroll bir yil avval 11 yillik nikohdan soʻng Billi Maklou bilan ajrashgan edi. Taqiqni buzish uchun 5 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin. Bu Kerrollning birinchi muammosi emas: 2010 yilda ham u zoʻravonlikda ayblangan, ammo isbotlanmay qolgan edi.
Hozirda Kerroll Angliyaning oltinchi divizionidagi “Dagenxem va Redbridj” jamoasida toʻp surmoqda. Frantsiyaning “Bordo” klubidan qaytgan hujumchi nafaqat maydonda gollar urmoqda (oktyabrь oyida xet-trik qayd etdi), balki klubning kichik aktsiyadoriga ham aylangan. Biroq, uning futbolchilik faoliyati endilikda sud qaroriga bogʻliq boʻlib qolmoqda. Endi uchun hozir gollardan koʻra ozodlikda qolish muhimroq.
