Zaynab Javadlining hayot yoʻli xuddi dramatik filьm stsenariysini eslatadi. Mashhur murabbiy Irina Vinnerning eng iqtidorli shogirdlaridan biri boʻlgan ushbu sportchi katta muvaffaqiyatlar ostonasida turgan edi. Biroq u oʻzi uchun muvaffaqiyatli karьera va tinch hayot emas, balki kishan va tutqunlikka olib boruvchi yoʻlni tanladi.
Zaynab Javadli “hayotimdagi ideal erkakni topdim” degan shirin xayollar bilan sport, unvonlar va porloq kelajagidan voz kechdi. Afsuski, u orzu qilgan sharqona ertak koʻp oʻtmay haqiqiy dahshatga aylandi va u hamon bu girdobdan chiqib keta olmayapti. Bugun uning hayoti bitmas-tuganmas sud majlislari, doimiy tahdidlar va oʻz jigarbandlaridan judolikka toʻla. Ayolning oʻzi esa jamoatchilik koʻzidan butunlay gʻoyib boʻlgan. Undan faqatgina yordam soʻrab yoʻllangan yurakni oʻrtovchi xabarlar qolgan.
Sportga ilk qadam
.jpg)
Zaynab 1991 yili Bokuda dunyoga kelgan va toʻqqiz yoshidan badiiy gimnastika bilan shugʻullana boshlagan. Odatda mutaxassislar bu yoshni sport uchun kech deb hisoblasalar-da, qizaloqdagi egiluvchanlik va matonat barcha shubhalarni yoʻqqa chiqardi.
2005 yildayoq u Ozarbayjon terma jamoasi safidan joy oldi. Garchi Olimpiada shohsupasiga koʻtarilmagan boʻlsa-da, jahon va Evropa chempionatlarida sovrindorlar qatoridan joy egalladi. Xalqaro musobaqalarda unga bir necha bor “Miss Elegant” unvoni topshirildi, oʻz vatanida esa “Neftchi” klubining yulduziga aylandi.

Uning isteʼdodini jahon gimnastikasi afsonasi Irina Vinner payqab qoldi va oʻn olti yoshli qizni oʻz jamoasiga taklif qildi. Zaynab bunga rozi boʻldi, biroq ona vataniga sodiq qolgan holda faqat Ozarbayjon bayrogʻi ostida ishlashda davom etdi.
21 yoshida olgan jarohati sababli Zaynab katta sportni tark etishga majbur boʻldi. Ammo sevimli mashgʻulotidan butunlay uzilib qolmadi va bolalarga murabbiylik qila boshladi. U Turkiyada mahorat darslari oʻtdi, soʻng Bokuda shaxsiy gimnastika maktabini ochdi. U doim yirik sport tadbirlari markazida boʻlishga intilardi va aynan shunday marosimlardan biri uning hayotini ostin-ustun qilib yubordi.

Shayx bilan uchrashuv
Dubay amirlari sulolasiga mansub boʻlgan Said al-Maktum Ozarbayjonga musobaqa munosabati bilan kelgan edi. U diqqat markazida boʻlishga odatlangandi, chunki uning otasi bir vaqtlar amir boʻlgan, hozirda bu lavozimni Saidning amakisi egallab turibdi. Shayxning oʻzi ham sportdan uzoq shaxs emas — u stenddan otish boʻyicha Osiyo chempionatida kumush medalni qoʻlga kiritgan.

2015 yilda, yaʼni ular tanishgan paytda shayx 39 yoshda boʻlib, u juda boy, kelishgan va xushmuomala edi. Mahalliy qonunlarga koʻra, u kun kelib Dubay taxtiga oʻtirishi ham mumkin edi. Shayx ozarbayjonlik gimnastikachining koʻnglini tezda ovladi. Zaynabni na yoshdagi farq, na boʻlajak turmush oʻrtogʻining allaqachon ikkita xotini borligi toʻxtata oldi. Shayx unga uchinchi rafiqa boʻlishni taklif qildi va u ikkilanmay rozi boʻldi.

Yaqinlari uni bu yoʻldan qaytarishga koʻp urinishdi. Uni oʻzga davlatda hech qanday huquqqa ega boʻlmasligi, erining oilasi shunchalik qudratliki, biror koʻngilsizlik yuz berganda hatto sud ham unga yordam bera olmasligidan ogohlantirishdi. Ammo ishq koʻzini koʻr qilgan Zaynab hech kimga quloq solmadi. U Saidning boshqa xotinlari — biri qarindoshi, ikkinchisi belorussiyalik sobiq ofitsiant Natalya Alievaning hashamatli hayotiga qarab, oʻzini ham shunday shohona kelajak kutmoqda deb ishonardi.
Oltin qafasdagi dahshatli hayot

Dubayga koʻchib oʻtgach, dastlabki yillar haqiqatan ham ertakdek oʻtdi. Zaynab besh yil ichida uch nafar qiz farzand koʻrdi. Ammo koʻp oʻtmay munosabatlar darz ketdi. Mish-mishlarga koʻra, shayx oʻgʻil farzand kutgan, ammo uning uchinchi xotini faqat qiz tugʻib berganidan norozi boʻlgan.
Vaqt oʻtib Zaynab sevimli rafiqa maqomini yoʻqotdi va oʻz haq-huquqlarini talab qila boshladi. Bu esa shayxga maʼqul kelmadi. Vaziyat shunchalik keskinlashdiki, gimnastikachi oxiri ajrimga ariza berdi. Aynan mana shu nuqtada uning hayotida haqiqiy jahannam boshlandi.


Zaynab qizlarini oʻzi bilan qoldirishni soʻradi, biroq shundan soʻng uning oʻzi va u erga koʻchirib keltirgan ota-onasi nomaʼlum shaxslar tomonidan muntazam taʼqib qilina boshladi. Eri esa ochiqchasiga tahdid qilishga oʻtdi. Yaqinlari ogohlantirgan barcha bashoratlar hayotida birma-bir sodir boʻlayotgan edi. U bolalari bilan vatani Ozarbayjonga qochib ketmoqchi boʻldi, ammo erining ruxsatisiz qizlarini mamlakatdan olib chiqishning aslo iloji yoʻq edi. Elchixona esa qudratli shayxlar oilasi oldida ojiz ekanini bildirib, yordam bera olmadi.


Umidsizlikka tushgan Zaynab ijtimoiy tarmoqlar orqali dunyo jamoatchiligiga murojaat qildi va oʻzining “baxtli” hayot pardasini ochib tashladi. U endi saroyda emas, balki oddiy xususiy uyda ota-onasi bilan qoʻrquv ichida yashar edi. Advokatlari BMTga murojaat qilishdi, biroq shayxning yuristlari uni “yomon ona” deb eʼlon qilib, sud orqali bolalarini tortib oldi. Javadli ijtimoiy tarmoqlarda qirq kun davomida jigarbandlarini koʻrmaganini yigʻlab soʻzlab berdi.

Oxir-oqibat, shayx uni ota-onalik huquqidan butunlay mahrum qilish uchun daʼvo kiritdi. Shundan soʻng Zaynab Javadli barcha ijtimoiy sahifalarini oʻchirib, butunlay sukunatga choʻmdi. Bugun u qaerda, ahvoli qanday, hech kim bilmaydi. Shayxning ikkinchi xotini Natalya Alieva esa jimlik saqlamoqda, chunki uning oʻzi ham allaqachon chiqish yoʻli boʻlmagan oltin qafas ichidagi mahbusga aylanib boʻlgan edi.
manba: daryo.uz
