Sara Shleper — togʻ changʻisi sporti afsonasi. Bir necha kundan keyin u 47 yoshni qarshilaydi va oʻzi uchun ettinchi Olimpiadada qatnashmoqda.

Shleper Jahon kubogida 1995 yilda, Olimpiya oʻyinlarida esa 1998 yilda debyut qilgan. 2011 yilda amerikalik sportchi faoliyatini yakunlab, ramziy maʼnoda oʻzining uch yoshli oʻgʻli Lasseni qoʻlida koʻtargancha changʻida qiyalikdan tushib kelgan edi.

Bungacha bir necha yillar oldin u meksikalik hamkasbi Federiko Gaxiolaga turmushga chiqqan edi. Oradan bir necha yil oʻtib, u sportga Meksika fuqarosi sifatida qaytdi.

Milan-Kortinadagi Olimpiadada esa u Meksika delegatsiyasining bayroqdori boʻldi.

Ushbu delegatsiya tarkibida uning oʻgʻli Lasse ham bor edi. Otasi qoʻl ostida mashq qiladigan 18 yoshli Lasse Gaxiola kecha slalom boʻyicha Olimpiadada debyut qildi. U onasi Sara bilan birgalikda bitta Olimpiadada qatnashgan ilk ona va oʻgʻil sifatida tarixga kirdi.

Sara, shuningdek, ettita Olimpiya oʻyinlarida qatnashgan tarixdagi ilk va Qishki oʻyinlar tarixidagi eng yoshi katta togʻ changʻichisidir. Hammasidan muhimi — u shunchaki baxtli ona.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *