Nodirbek Abdusattorov FIDE Freestyle Chess Jahon chempionatida uchinchi o'rinni egalladi

O’zbekiston shaxmat maktabining yorqin vakili, grossmeyster Nodirbek Abdusattorov FIDE Freestyle Chess Jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli uchinchi o’rinni qo’lga kiritdi. Musobaqada yurtimiz sharafini himoya qilgan yana bir shaxmatchimiz Javohir Sindarov ham yaxshi natija ko’rsatib, sakkizinchi o’rinni egalladi.

Nodirbek Abdusattorov uchinchi o’rin uchun kechgan bahsda nemis shaxmatchisi, grossmeyster Vinsent Keymerga qarshi don surdi. Keskin va murosasiz o’tgan bahsda Nodirbek raqibini 2.5-1.5 hisobida mag’lub etishga erishdi. Ushbu g’alaba nafaqat unga uchinchi o’rinni taqdim etdi, balki 40 000 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofotini ham keltirdi.

Eng muhimi, Nodirbek Abdusattorov ushbu muvaffaqiyati orqali 2027-yilda bo’lib o’tadigan Freestyle Chess Jahon chempionatida ishtirok etish huquqini ham qo’lga kiritdi. Bu unga kelgusi yillarda ham jahon shaxmat elitasida o’z o’rnini mustahkamlash imkoniyatini beradi.

Javohir Sindarov ham ushbu nufuzli turnirda munosib ishtirok etdi. U yakuniy natijalarga ko’ra sakkizinchi o’rinni egallab, 10 000 AQSh dollari miqdorida mukofotga sazovor bo’ldi. Javohirning ishtiroki ham o’zbek shaxmatining salohiyati yuqori ekanligini yana bir bor isbotladi.

O’zbekiston shaxmat federatsiyasi va sport muxlislari Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarovni ushbu muvaffaqiyatlari bilan samimiy muborakbod etadi. Ularning kelgusidagi faoliyatida ham yangi zafarlar tilab qolamiz. Bu kabi yutuqlar yosh avlodni shaxmatga bo’lgan qiziqishini yanada oshiradi va O’zbekistonda shaxmatning rivojlanishiga xizmat qiladi.

Manba: Olamsport

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *