Qozog'iston Osiyo o'yinlariga mezbonlik qiladi!

Qozog’iston 2029-yilgi Qishki Osiyo o’yinlariga mezbonlik qiladigan bo’ldi. Bu haqidagi shartnoma 5-fevral kuni Italiyaning Milan shahrida imzolanishi rejalashtirilgan. Ayni paytda Milan shahri qishki Olimpiya o’yinlariga tayyorgarlik ko’rmoqda.

Aslida, 2029-yilgi Qishki Osiyo o’yinlariga Saudiya Arabistonida qurilayotgan Neom shahri mezbonlik qilishi kerak edi. Neom – sahro o’rtasida joylashgan, uzunligi 170 km bo’lgan ulkan megapolis bo’lib, 10 million aholi uchun mo’ljallangan. Ushbu megaproektga 500 milliard AQSh dollaridan ortiq mablag’ sarflanishi kutilmoqda.

Neom kelajakning aqlli shahri sifatida rejalashtirilgan bo’lib, u yerda avtomobillar bo’lmaydi. Futbol bo’yicha 2034-yilgi jahon chempionatiga qadar shaharda 46 ming kishilik stadion quriladi. Stadiondagi maydon yer sathidan 350 metr balandlikda joylashadi. Hozircha loyihaning birinchi bosqichi “Neom” futbol klubi hisoblanadi. Klubda Fransiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Aleksandr Lyakazett to’p suradi.

Neomning bir qismi 2026-yilda foydalanishga topshirilishi kerak edi, ammo qurilish ishlari rejadagidan orqada qolmoqda. 2029-yilga kelib Neom yaqinida Osiyo o’yinlarini qabul qiladigan Troyen sun’iy chang’i kurorti ishga tushiriladi. Biroq, o’tgan hafta Saudiya Arabistoni hukumati Neomdagi Osiyo o’yinlari qurilishidagi kechikishlar tufayli qoldirilishini ma’lum qilgandi. Shundan so’ng, Qozog’iston mezbonlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Ma’lumot uchun, Olma-Ota shahri 2011-yilda ham Qishki Osiyo o’yinlariga mezbonlik qilgan, ammo o’shanda Ostona qo’shmezbon edi. Bundan tashqari, Yaponiya (4 marta), Xitoy (3 marta) va Koreya Respublikasi (1 marta) ham Osiyo o’yinlariga mezbonlik qilgan.

Qishki Osiyo o’yinlariga mezbonlik qilgan shaharlar ro’yxati: 1986-yil – Sapporo (Yaponiya), 1990-yil – Sapporo (Yaponiya), 1996-yil – Xarbin (Xitoy), 1999-yil – Kanvondo (Koreya Respublikasi), 2003-yil – Aomori (Yaponiya), 2007-yil – Chanchun (Xitoy) va hokazo. Qozog’istonning Olma-Ota shahri ushbu nufuzli musobaqani o’tkazish bo’yicha katta tajribaga ega va 2029-yilgi o’yinlarni yuqori saviyada tashkil etishga qodir.

Manba: Olamsport

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *