UFC olamining eng porloq yulduzlaridan biri, magʻlubiyat nimaligini bilmay kelayotgan Umar Nurmagomedov sobiq chempion Deyvison Figeyredu ustidan qozonilgan gʻalabadan soʻng oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. Jangdan keyingi matbuot anjumanida sportchi oʻzining tayyorgarlik jarayoni va oktagondagi holat haqida ochiq gapirdi.

Umarning taʼkidlashicha, jang kutilganidan koʻra osonroq kechgan. Bunga asosiy sabab sifatida u oʻquv-mashgʻulot yigʻinlaridagi yuqori sifatli sparringlarni koʻrsatdi. “Toʻgʻrisi, jang ancha ogʻir boʻlishini kutgandim. Biroq soʻnggi oy davomida sparring sheriklarim — Manel Kape va Magomed Magomedov menga Figeyredudan koʻra koʻproq bosim va qiyinchilik tugʻdirishgandi,” — dedi sportchi.

Nurmagomedov oktagonda maksimal darajada agressiv harakat qilishga intilganini, ammo raqibning uslubi bunga imkon bermaganini ham qoʻshimcha qildi. Uning fikricha, Figeyredu ochiq jangdan qochgani bois, muxlislar kutgan shiddatli toʻqnashuv biroz sustlashgan. “Men ‘qotil’ kabi jang qilishga harakat qildim, lekin raqibing faol jangga kirishmasa, haqiqiy raqobatni koʻrsatish mushkul,” deya fikrini yakunladi Umar.

Ushbu gʻalaba Umarni vazn toifasidagi chempionlik kamariga yana bir qadam yaqinlashtirdi. Muxlislar endi uning tez orada chempionlik jangida ishtirok etishini intizorlik bilan kutishmoqda.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *